Yangiliklar

Silk Road Publishing nashriyotining 31-Pekin xalqaro kitob yarmarkasidagi ishtiroki: xalqaro hamkorlik ufqlarini kengaytirish

2025-yil 18–23-iyun kunlari Pekinda Osiyodagi eng yirik kitob sohasi tadbirlaridan biri bo‘lgan 31-Pekin xalqaro kitob yarmarkasi (BIBF) bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi ko‘rgazmada 71 ta mamlakat va mintaqadan 1600 dan ortiq nashriyot va tashkilotlar ishtirok etdi. O‘zbekiston nomidan ushbu yarmarkada Silk Road Publishing nashriyoti qatnashdi.
Strategik kelishuvlarning imzolanishi

BIBF-2025 doirasida Silk Road Publishing bir qator muhim hamkorlik shartnomalarini imzoladi. Ulardan eng asosiylaridan biri Shandun ilmiy-texnik nashriyoti va "O‘zbekiston–Xitoy do‘stligi" kitob do‘konlari tarmog‘i bilan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv bo‘ldi. Marosim Pekinda, Xitoy nashriyot va matbuot ishlari bo‘yicha milliy boshqarmasi ko‘magida, tantanali tarzda o‘tkazildi.

Tomonlar nashriyot va madaniy almashinuvni chuqurlashtirish, qo‘shma kitob loyihalarini tayyorlash, o‘zbek va xitoy mualliflarini xalqaro bozorda targ‘ib qilish hamda o‘zbek tilidagi kitoblarni Xitoyda tarqatish bo‘yicha tajriba loyihasini yo‘lga qo‘yish masalalarida kelishib oldilar.
Ko‘p tilli kitob loyihalari

Yarmarkada mualliflik huquqlari bo‘yicha hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Silk Road Publishing tomonidan "Iboralarga yashiringan xitoy donishmandligi" va "Xiao Mido bilan she’rlar saltanatiga sayohat" kabi mashhur xitoycha bolalar kitoblarini o‘zbek va rus tillarida nashr etish huquqlari qo‘lga kiritildi. Ushbu asarlar "Sharqona donolik, Ipak yo‘lining ovozi" konsepsiyasi doirasida bolalarda madaniyatlararo anglashuvni shakllantirishga qaratilgan.
Forumlar va davra suhbatlarida ishtirok

Silk Road Publishing vakillari yarmarka doirasida o‘tkazilgan bir qator muhim tadbirlarda ham faol qatnashdilar. "Bir kamar – bir yo‘l" tashabbusiga qo‘shilgan mamlakatlar nashriyotlarining xalqaro hamkorligi bo‘yicha forumda raqamli transformatsiya, globallashuv muammolari va intellektual mulk huquqlari masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston delegatsiyasi Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasida barqaror ikki tomonlama aloqalarning ahamiyatini ta’kidladi.
Shuningdek, nashriyot Pekin til va madaniyat universitetining xorijiy hamkorlari uchun tashkil etilgan davra suhbatiga taklif etildi. 9 mamlakatdan 18 ta nashriyot ishtirok etgan mazkur uchrashuvda xitoy kitoblarini mahalliy bozorlarga moslashtirish, tarjima va tahrir muammolari, marketing yondashuvlari muhokama qilindi. Silk Road Publishing faol va ishonchli hamkor nashriyot sifatida alohida e’tirof etildi.
Gumanitar muloqotni rivojlantirish

Yarmarka davomida nashriyot vakillari "Ipak yo‘li: gumanitar sohadagi hamkorlik" forumida ham qatnashdilar. Unda madaniy diplomatiya, akademik nashriyotlar, bolalar va ta’limiy adabiyotlar bo‘yicha hamkorlik hamda kadrlar tayyorlash dasturlari muhokama qilindi.

BIBF xalqaro ko‘rgazmasidagi ishtirok Silk Road Publishing faoliyatidagi muhim bosqich bo‘ldi. Imzolangan shartnomalar, o‘rnatilgan aloqalar va erishilgan kelishuvlar o‘zbek madaniyatini targ‘ib qilish, tarjima adabiyotlarini rivojlantirish hamda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar ochadi.
2025-06-25 16:07